KIRISH
Mazkur dastur O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasining 7042002 – “Davlat boshqaruvi” (Public Administration) magistratura mutaxassisligiga kiruvchi nomzodlarning davlat boshqaruvi sohasidagi bazaviy bilimlari, intellektual salohiyati, tahliliy va mantiqiy fikrlash qobiliyati hamda xorijiy tillarni bilish darajasini aniqlash maqsadida ishlab chiqilgan.
Bugungi kunda davlat boshqaruvi tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, raqamlashtirish jarayonlari hamda global ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, strategik fikrlaydigan, tashabbuskor, mas’uliyatli va samarali boshqaruv qarorlarini qabul qila oladigan rahbar kadrlarni tayyorlash zaruratini kuchaytirmoqda. Shu nuqtai nazardan, magistratura bosqichiga nomzodlarni saralash jarayonida ularning nafaqat nazariy bilimlari, balki tahliliy tafakkuri, mantiqiy fikrlashi, boshqaruvga oid umumiy dunyoqarashi hamda muammolarni tizimli baholash qobiliyatini aniqlash muhim ahamiyat kasb etadi.
Kirish test sinovlari nomzodlarning siyosiy-huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi bilimlari, intellektual qobiliyati, tahliliy va mantiqiy fikrlashi hamda xorijiy tillarni bilish darajasini baholashga qaratiladi.
Dastur davlat boshqaruvi sohasida magistratura bosqichida ta’lim olish uchun zarur bo‘lgan tayanch kompetensiyalarni aniqlashga xizmat qiladi. Kirish sinovlari, avvalo, nomzodning magistratura ta’lim dasturini muvaffaqiyatli o‘zlashtirish imkonini beruvchi umumiy tayyorgarligi, intellektual salohiyati, boshqaruvga moyilligi, analitik va strategik fikrlash darajasini aniqlash tamoyili asosida tashkil etiladi.
Kirish test sinovlari orqali nomzodlarning davlat boshqaruvi tizimi va davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha bazaviy bilimlari, siyosiy-huquqiy hamda ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni tushunish darajasi, ma’lumotlarni tahlil qila olish va ular asosida xulosa chiqarish qobiliyati, muammolarga nisbatan tizimli va mantiqiy yondashuvi, boshqaruvga oid vaziyatlarda asoslangan qaror qabul qilish ko‘nikmalari, strategik va tanqidiy fikrlash salohiyati hamda zamonaviy boshqaruv tafakkuri va kommunikativ kompetensiyalari baholanadi.
Dastur mazmunini shakllantirishda davlat boshqaruvi sohasidagi zamonaviy yondashuvlar, kompetensiyaviy baholash tamoyillari hamda xalqaro tajriba asoslari inobatga olingan. Xususan, test savollarini ishlab chiqishda nomzodlarning tahliliy va mantiqiy fikrlashi, vaziyatli yondashuvi, muammolarni baholash va amaliy yechim topish qobiliyati, boshqaruvga oid jarayonlarni tushunishi hamda turli ma’lumotlarni solishtirish va tahlil qila olishi kabi kompetensiyalarini aniqlashga ustuvor ahamiyat qaratiladi.
Shu bilan birga, test topshiriqlari nomzodlarning davlat boshqaruvi sohasida magistratura bosqichida tahsil olish uchun zarur bo‘lgan umumiy tayyorgarlik darajasini aniqlashga xizmat qilishi, turli bakalavr ta’lim yo‘nalishlarini tamomlagan nomzodlar uchun teng va adolatli imkoniyat yaratishi hamda davlat boshqaruvi tizimi uchun istiqbolli, salohiyatli va zamonaviy fikrlaydigan kadrlarni saralashga qaratilishi nazarda tutiladi.
Mazkur dastur davlat boshqaruvi sohasida magistratura ta’limini muvaffaqiyatli o‘zlashtira oladigan, davlat va jamiyat taraqqiyotiga daxldorlik hissiga ega, zamonaviy boshqaruv tafakkuriga ega bo‘lgan hamda kelgusida davlat boshqaruvi tizimida samarali faoliyat yuritishga salohiyatli nomzodlarni saralashga xizmat qiladi.