KIRISH
Mazkur dastur O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasining 70411002 – “Inson resurslarini rivojlantirish” (Human Resource Development) magistratura mutaxassisligiga kiruvchi nomzodlarning inson resurslarini boshqarish, tashkilotlarni rivojlantirish, davlat va xususiy sektorda kadrlar siyosatini amalga oshirish, mehnat munosabatlarini tartibga solish, strategik boshqaruv, liderlik, tashkiliy rivojlanish hamda zamonaviy boshqaruv kompetensiyalari bo‘yicha bazaviy bilimlari, intellektual salohiyati, tahliliy va mantiqiy fikrlash qobiliyati hamda xorijiy tillarni bilish darajasini aniqlash maqsadida ishlab chiqilgan.
Bugungi globallashuv, raqamli transformatsiya va innovatsion rivojlanish sharoitida inson kapitali davlat va jamiyat taraqqiyotining eng muhim omillaridan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda. Zamonaviy boshqaruv tizimida iqtisodiy o‘sish, davlat boshqaruvi samaradorligi, tashkilotlar raqobatbardoshligi va ijtimoiy barqarorlik, avvalo, professional bilim va ko‘nikmalarga ega, tashabbuskor, strategik fikrlaydigan hamda yuqori boshqaruv kompetensiyalariga ega kadrlar salohiyatiga bog‘liqdir. Shu bois inson resurslarini rivojlantirish, professional kadrlar tayyorlash, ularning malakasini oshirish va zamonaviy boshqaruv yondashuvlarini joriy etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Dastur inson resurslarini rivojlantirish sohasida magistratura bosqichida muvaffaqiyatli tahsil olish uchun zarur bo‘lgan tayanch kompetensiyalarni aniqlashga xizmat qiladi. Kirish sinovlari nomzodlarning nafaqat nazariy bilimlarini, balki boshqaruvga oid vaziyatlarni tahlil qila olishi, jamoa bilan samarali ishlashi, boshqaruv qarorlarini asosli qabul qilishi, inson resurslari bilan bog‘liq muammolarga innovatsion yondashuvi hamda strategik fikrlash darajasini aniqlash tamoyili asosida tashkil etiladi.
Kirish test sinovlari orqali nomzodlarning:
- inson resurslarini boshqarish tizimi va zamonaviy HR konsepsiyalarini tushunishi;
- davlat va xususiy sektorda kadrlar siyosatini tashkil etish bo‘yicha bilimlari;
- mehnat qonunchiligi va mehnat munosabatlari asoslarini bilishi;
- liderlik, kommunikatsiya va jamoani boshqarish ko‘nikmalari;
- tashkilot faoliyatini samarali tashkil etish va rivojlantirishga oid yondashuvlari;
- strategik rejalashtirish va boshqaruv qarorlarini қабул qilish salohiyati;
- inson kapitalini rivojlantirish va xodimlarni rag‘batlantirish mexanizmlarini tushunishi;
- raqamli HR texnologiyalari va innovatsion boshqaruv usullaridan foydalanish bo‘yicha tushunchalari;
- tahliliy, tanqidiy va kreativ fikrlash ko‘nikmalari baholanadi.
Dastur mazmunini shakllantirishda inson resurslarini boshqarish sohasidagi zamonaviy yondashuvlar, kompetensiyaviy baholash tamoyillari hamda rivojlangan davlatlarning ilg‘or tajribalari inobatga olingan. Test topshiriqlarini ishlab chiqishda nomzodlarning nazariy bilimlari bilan bir qatorda amaliy boshqaruv vaziyatlarini tahlil qila olish, inson resurslarini boshqarishga oid muammolarga nisbatan tizimli yondashuv bildirish, jamoada ishlash, liderlik va strategik fikrlash kompetensiyalarini aniqlashga ustuvor аhamiyat qaratiladi.
Mazkur dastur inson resurslarini rivojlantirish sohasida magistratura ta’limini muvaffaqiyatli o‘zlashtira oladigan, professional va shaxsiy kompetensiyalari rivojlangan, davlat va jamiyat taraqqiyotiga daxldorlik hissiga ega hamda kelgusida davlat boshqaruvi, ta’lim, biznes va boshqa sohalarda samarali faoliyat yuritishga salohiyatli nomzodlarni aniqlashga xizmat qiladi.