O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 36 yilligi hamda ma’rifatparvar Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligi munosabati bilan ilmiy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirga taklif qilinganlar va ishtirokchilar Behbudiy hayoti va merosi haqida so‘z yuritib, uning milliy o‘zlikni anglash va ma’rifatni rivojlantirishdagi xizmatlarini e’tirof etdilar. Ishtirokchilarga jadidlar faoliyatiga bag‘ishlangan videorolik ham namoyish etildi.
Rektor Jasur Salixov tadbir qatnashchilariga quyidagi fikrlarni bildirdi:
“Bolaligimdan turli millat vakillari yashagan mahallada ulg‘ayganman. Ammo oilamizda har doim: Ona tili — millat yuragi, insonning ma’naviy qiyofasi va asl o‘zligini bildiruvchi timsoldir, degan g‘oya ustun bo‘lgan. Bugun nechta xalqaro tilda so‘zlashmaylik, xalq bilan qalban muloqot qilish — bu Davlat tilida so‘zlashishdir. Ishonamanki, har bir fuqaro, millati va dinidan qat’i nazar, Davlat tilini bilishi — uning sharafli burchi va milliy g‘ururining ifodasidir.”
Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilingan “Davlat tilini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror til siyosatida yangi bosqichni boshlab bergani, 2026-yil 1-yanvardan boshlab barcha davlat organlarida ma’naviyat va davlat tili bo‘yicha maslahatchi lavozimi joriy etilshini ta’kidladi.