Seminarni Akademiyaning ilmiy ishlar va xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori Raima Shirinova ochib berib, EPU bilan hamkorlik aloqalari izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi hamda istiqbolda qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, xalqaro grant loyihalari va akademik almashinuv dasturlarini kengaytirish bo‘yicha takliflarni ilgari surdi.
Tadbir davomida professor Josef Strobl geofazoviy texnologiyalar va GIS tizimlarining Barqaror rivojlanish maqsadlari ko‘rsatkichlarini monitoring qilish va baholashdagi o‘rni, shuningdek, EPU doirasida amalga oshirilayotgan xalqaro loyihalar hamda ilg‘or xorijiy tajribalar haqida ma’ruza qildi.
Shuningdek, u Akademiyaning 2026-yilda Eurasia-Pacific Uninet tarmog‘ining rasmiy hamkor tashkiloti sifatida e’tirof etilgani va tegishli sertifikat bilan taqdirlangani xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi muhim natija ekanini qayd etdi.
Ma’lumot uchun, Eurasia-Pacific Uninet (EPU) Avstriya Federal ta’lim, fan va tadqiqotlar vazirligi ko‘magida faoliyat yurituvchi xalqaro akademik platforma bo‘lib, Yevropa va Osiyo mamlakatlari o‘rtasida ilmiy hamkorlik va akademik almashinuvni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Seminar yakunida tomonlar qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, xalqaro loyihalar va akademik almashinuv dasturlarini kengaytirish istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.