O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida Malayziyaning “IEG Campus” muassasasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

26.06.2026
297
Xalqaro hamkorlik

Uchrashuv davomida davlat boshqaruvi tizimida faoliyat yuritayotgan rahbar kadrlarning zamonaviy kompetensiyalarini rivojlantirish, sun’iy intellekt (AI), Big Data, raqamli transformatsiya hamda innovatsion boshqaruv texnologiyalari yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar qisqa va uzoq muddatli qo‘shma o‘quv kurslarini tashkil etish, davlat xizmatchilari uchun xalqaro stajirovka dasturlarini yo‘lga qo‘yish, ilg‘or xorijiy tajribalar asosida ta’lim dasturlarini ishlab chiqish hamda Akademiyada sun’iy intellekt va Big Data Analytics yo‘nalishlari bo‘yicha zamonaviy o‘quv va tadqiqot laboratoriyalarini tashkil etish istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.

Shuningdek, raqamli iqtisodiyot sharoitida davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, ma’lumotlarga asoslangan boshqaruv qarorlarini qabul qilish madaniyatini rivojlantirish va xalqaro standartlarga mos malakali kadrlarni tayyorlash bo‘yicha qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar mazkur yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish, istiqbolda aniq qo‘shma loyihalar va ta’lim dasturlarini amalga oshirish yuzasidan kelishib oldilar.