O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi rektori Jasur Salixov boshchiligidagi delegatsiya Qozog‘istonning Ostona shahrida o‘tkazilayotgan “ “GoVHR”: yangi tizimlar, zamonaviy xizmatlar, innovatsion yechimlar” mavzusidagi xalqaro forumda ishtirok etmoqda.
Mazkur nufuzli xalqaro anjuman davlat boshqaruvi tizimida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, inson resurslarini strategik boshqarish, raqamlashtirish, sun’iy intellektdan foydalanish, shuningdek, yashil iqtisodiyot tamoyillarini ilgari surish masalalariga bag‘ishlangan.
Forum doirasida ishtirokchi mamlakatlar vakillari tomonidan ilg‘or tajribalar va innovatsion yondashuvlar taqdim etilmoqda, davlat xizmatini takomillashtirish, zamon talablariga mos yechimlar ishlab chiqish va sohadagi yangiliklarni milliy amaliyotga tatbiq etish borasida fikr almashilmoqda.
Akademiya delegatsiyasining ushbu forumdagi ishtiroki davlat boshqaruvi sohasida ilmiy-amaliy hamkorlikni kengaytirish, ilg'or xorij tajribasini chuqur o‘rganish va uni O‘zbekistondagi islohotlar jarayoniga integratsiya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ma'lumot uchun: GoVHR — “Government Human Resources” (Hukumat inson resurslari) atamasining qisqartmasidir. Bu tushuncha davlat boshqaruvida kadrlar bilan ishlash va ularning rivojlanishini tashkil qilishning samarali usullarini tadqiq etadi.