Yil yakuni Akademiyada ochiq muloqotlarga boy o‘tdi

27.12.2025
38
Ta'lim

Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida hududlarni kompleks rivojlantirish, davlat boshqaruvi hamda inson resurslarini rivojlantirish, yo‘nalishlarida tahsil olayotgan 165 nafarga yaqin tinglovchi va Akademiya rektori o‘rtasida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 5-maydagi PF–78-son Farmonida belgilangan davlat boshqaruvi tizimini modernizatsiya qilish va rahbar kadrlarni yangi sifat bosqichida tayyorlash vazifalari ijrosi doirasida tashkil etildi. Muloqotda zamonaviy davlat xizmatchisi modeli, ta’limda kompetensiyaviy yondashuv hamda strategik fikrlashni shakllantirish masalalari muhokama qilindi.

Tinglovchilarning zamonaviy rahbar kadr qanday sifatlarga ega bo‘lishi lozimligi haqidagi savollariga javoban, Akademiya rektori Jasur Salihov quyidagilarni ta’kidladi:

“Bilim zarur ammo yetarli emas! Bugun davlat xizmatchisini “intizom” va “strategik fikrlash” ajratib turadi.  Islohotlarga ochiq, loyiha boshqaruvi ko‘nikmalariga ega, bir necha tilda erkin muloqot qila oladigan, tahliliy qobiliyati kuchli, korrupsiyaga murosasiz va jamoada sog‘lom institutsional muhit yarata oladigan kadrlargina global raqobat sharoitida samarali rahbar sifatida shakllanadi. Eng muhimi, davlat rahbari tomonidan belgilangan ustuvor vazifalar mohiyatini chuqur anglab, amaliyotga tatbiq etishga qodir bo‘lishi lozim. Zero, Yurtboshimizning har bir chiqishlarida Vatan ravnaqi va inson manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan strategik maqsadlar mujassam”.

Shuningdek, uch kun davomida tashkil qilingan barcha uchrashuvlarda tinglovchilar Akademiyada amalga oshirilayotgan institutsional transformatsiya jarayonlariga qaramasdan, ta’lim va yashash uchun yaratilgan shart-sharoitlar, professional akademik jamoa, rahbarlar bilan amaliy uchrashuvlar o‘kazilayotgani, axborot-resurs markazi orqali xalqaro nufuzli kutubxonalar bilan o‘rnatilgan hamkorlik hamda jismoniy rivoj uchun yaratilgan infratuzilmani yuksak baholadilar.

Ochiq muloqot tinglovchilar uchun davlat siyosati islohotlarining mohiyatini chuqur anglash, shaxsiy mas’uliyat va professional o‘sishga yo‘naltirilgan muhim intellektual maydon sifatida baholandi.