“Buyuklar haqida 100 ta dalil” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi

03.07.2025
36
Uchrashuv

Kinematografiya agentligi huzuridagi “Renessans” kino uyida “Buyuklar haqida 100 ta dalil” nomli yangi kitobning taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda olimlar, madaniyat va jamoatchilik vakillari, vazirlik va idoralar rahbarlari, tegishli tashkilotlar mutasaddilari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi hamda bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikda nashr etilgan ushbu kitobda buyuk alloma va davlat arboblari haqida 100 ta muhim maʼlumot jamlangan.

Kitobning yetti tilda chop etilgani, uning nafaqat milliy, balki xalqaro miqyosda ham keng o‘quvchilar ommasiga manzur bo‘lishi, ajdodlarimiz merosini turli madaniyat va jamiyatlar orasida keng targ‘ib etilishini anglatadi. Mazkur kitob Respublikamizdagi barcha ta’lim muassasalari kutubxonalaridan munosib o‘rin egallashi ta’kidlandi.

Mazkur asar yosh avlod va boshqaruv kadrlari ongida buyuk ajdodlarimizga bo‘lgan hurmat, vatanparvarlik, milliy g‘urur va fuqarolik masʼuliyatini shakllantirishda muhim manba sifatida xizmat qilishi alohida eʼtirof etildi.