Ilmiy seminar doirasida o'tkazilgan PhD dissertatsiyasi muhokama jarayoni

21.02.2026
16
Seminar

Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida 2026-yil 21-fevral kuni o‘tkazilgan ilmiy seminar doirasida Otajonov Elyor Axadjon o‘g‘lining “Ma’muriy islohotlar va ularning jamiyatni transformatsiyalashdagi roli (milliy va Sharq mamlakatlari tajribalari tahlili)” mavzusidagi PhD dissertatsiyasi muhokama qilindi.

Tadqiqotning asosiy e’tibori bugungi kunda dolzarb bo‘lgan masala — davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish va samaradorligini oshirishga qaratilgani qayd etildi. Ishda globallashuv va raqamlashtirish sharoitida ma’muriy islohotlarning korrupsiyani kamaytirish, davlat xizmatlari sifatini yaxshilash hamda fuqarolarning davlatga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashdagi o‘rni tahlil qilingani ta’kidlandi.

‼️Dissertatsiyaning yangiligi shundan iborat ekani aytildiki, unda Xitoy, Turkiya va Malayziya tajribalari qiyosiy o‘rganilib, ularni O‘zbekiston sharoitiga moslashtirish bo‘yicha aniq ilmiy taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgani qayd etildi. Shuningdek, 2017-yildan keyingi ma’muriy islohotlarning huquqiy va tashkiliy asoslari tizimlashtirilib, ularning jamiyatni transformatsiyalashdagi roli ilmiy jihatdan ochib berilgani bildirildi.

Tadqiqot natijalari davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, raqamli hukumatni rivojlantirish, fuqarolik jamiyati institutlarini mustahkamlash hamda zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini joriy etishda ilmiy-amaliy ahamiyatga ega ekani alohida ta’kidlandi.

Ilmiy seminar yakunida dissertatsiya dolzarb muammoga bag‘ishlangan, tugallangan mustaqil tadqiqot sifatida e’tirof etilib, muallif siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olishga munosib deb topildi.