Davlat boshqaruvi tizimida ilmiy meros va ustozlik an’analari e’tirof etildi

03.03.2026
21
Uchrashuv

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida akademik, texnika fanlari doktori, professor, taniqli olim va davlat arbobi Oqil Umurzoqovich Salimovning hayoti va ilmiy-pedagogik faoliyatiga bag‘ishlangan “Vatan va davlat ravnaqiga bag‘ishlangan asriy matonat” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbir mamlakatimizda ilm-fan rivoji, davlatchilik an’analarini mustahkamlash hamda yosh avlodni ilmiy va ma’naviy merosga hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida tashkil etildi. Unda davlat organlari, oliy ta’lim muassasalari, ilmiy tashkilotlar va jamoatchilik vakillari, shuningdek Akademiya magistrlari va tinglovchilari ishtirok etdi.
Tadbirni ochib bergan Akademiya rektori Jasur Salixov Oqil Umurzoqovich Salimovning hayot yo‘li ilm, davlatchilik va mas’uliyat uyg‘unligining yorqin namunasi ekanini ta’kidladi. Qayd etilganidek, ustozning ko‘p yillik ilmiy izlanishlari, pedagogik faoliyati va davlat boshqaruvi tizimidagi xizmatlari mamlakatimiz ilmiy salohiyatini yuksaltirish hamda mutaxassis kadrlar tayyorlashga munosib hissa qo‘shgan.
Tadbir doirasida akademikning hayoti va ilmiy faoliyatiga bag‘ishlangan videorolik namoyish etildi.
Shuningdek, tadbir davomida Oqil Umurzoqovich Salimovga Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasining Faxriy professori unvoni tantanali ravishda topshirildi.
Tadbir ishtirokchilari o‘z chiqishlarida akademikning ilmiy merosi nafaqat milliy ilm-fan taraqqiyoti, balki zamonaviy davlat boshqaruvi tizimi uchun kadrlar tayyorlashda ham muhim intellektual asos bo‘lib xizmat qilayotganini ta’kidladilar.
Tadbir yakunida mamlakatimizda davlat boshqaruvi kadrlarini tayyorlash, ilmiy-tahliliy tadqiqotlarni rivojlantirish va intellektual merosni kelgusi avlodlarga yetkazish borasidagi ishlar izchil davom ettirilishi ta’kidlandi.