Akademiyaning ilmiy ishlar va xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori Raima Shirinova hamda Hanns Seidel Foundation’ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Ruslan Ramanov o‘rtasida ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

09.04.2026
81
Uchrashuv

Muzokaralar davomida qo‘shma tadbirlarni muvofiqlashtirish, istiqboldagi amaliy hamkorlik yo‘nalishlarini belgilash hamda strategik sheriklikni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda aprel oyiga rejalashtirilgan Hanns Seidel Foundation vakili — Ayxinger xonimning Akademiyaga tashrifiga tayyorgarlik masalalari, tashrif doirasida mazmunli va samarali muloqotni tashkil etish hamda 2027–2029 yillarga mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlar yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, “Hokimlar maktabi” loyihasining joriy holati, uni ishga tushirishga tayyorgarlik jarayonlari, rasmiy ochilish sanasiga aniqlik kiritish hamda tadbirni yuqori saviyada tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Mazkur loyiha doirasida Germaniya tomoni vakillari ishtiroki rejalashtirilayotgani ta’kidlandi.

Tomonlar loyiha doirasida Germaniya va Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga amaliy tashriflarni tashkil etish, delegatsiyalar tarkibi, muddatlari hamda dastur mazmunini shakllantirish bo‘yicha ham fikr almashdilar.

Bundan tashqari, “Training of Trainers” (ToT) dasturini uch yillik sikl asosida takomillashtirish, uni tizimli va zamonaviy yondashuvlar asosida rivojlantirish orqali institutsional salohiyatni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida 2024–2026 yillarga mo‘ljallangan amaldagi hamkorlik dasturi yakunlanayotganini inobatga olib, yangi hamkorlik dasturini ishlab chiqish va imzolash zarurligi ta’kidlandi. Tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni izchil davom ettirish va uni yangi bosqichga olib chiqishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.