Bugun, 10-sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida “El-yurt umidi” jamg‘armasining 2025-yil 1-tanlovi g‘oliblari uchun maxsus o‘quv seminari o‘z ishini boshladi.
Seminarning asosiy maqsadi – stipendiatlarga xorijda o‘qish va yashash tartib-qoidalarini tushuntirish, ta’limdan keyingi majburiyatlarini anglatish, shuningdek, ularni Vatanga sadoqat, milliy qadriyatlarga hurmat, g‘oyaviy-siyosiy va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdir. Shu bilan birga, ishtirokchilarga Yangi O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatining mazmuni va maqsadlari yetkaziladi.
Ikki kun davomida bo‘lib o‘tadigan seminarda 173 nafar stipendiat ishtirok etmoqda. Dastur doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Raqamli texnologiyalar vazirligi va boshqa vazirlik hamda idoralarda uchrashuv va amaliy mashg‘ulotlar tashkil etiladi.
Seminar doirasida yoshlar zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallash, shaxsiy rivojlanish strategiyalarini ishlab chiqish, xalqaro ta’lim muhitiga moslashish bo‘yicha tajribali mutaxassislar va jamg‘armaning faol stipendiatlari bilan suhbatlashish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.