O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining istiqbolli kadrlarni maqsadli tayyorlash hamda ularni davlat boshqaruvi va davlat xizmatiga samarali jalb etish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan tegishli Farmoni davlat boshqaruvi tizimi uchun zamonaviy bilim va kompetensiyalarga ega rahbar kadrlarni tayyorlashning mutlaqo yangi modeliga asos soldi.
Mazkur islohotlar doirasida Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida andragogik ta’lim tamoyillariga asoslangan o‘quv jarayonlari joriy etilib, xorijiy professor-o‘qituvchilar hamda amaliyotchi ekspertlarni ta’lim jarayoniga keng jalb etish, rahbar kadrlarning kasbiy va strategik kompetensiyalarini rivojlantirishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu munosabat bilan davlat boshqaruvi organlari uchun istiqbolli kadrlarni aniqlash, tayyorlash va rivojlantirish bo‘yicha yangi mexanizmlarni amaliyotga joriy etish maqsadida Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi rektori tashabbusi bilan hududlarda amaliy muloqot va hamkorlik maydonlarini tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Jumladan, Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi, Boshqaruv samaradorligi agentligi hamda hududiy hokimliklar hamkorligida Qashqadaryo va Xorazm viloyatlarida hududiy davlat boshqaruvi organlari xodimlari uchun hamkorlik uchrashuvlari tashkil etildi.
Uchrashuvlar davomida davlat boshqaruvi tizimini modernizatsiya qilish, boshqaruv samaradorligini oshirish, zamonaviy rahbarlik kompetensiyalarini rivojlantirish hamda davlat xizmatida inson kapitalini boshqarishning ilg‘or yondashuvlarini joriy etish masalalari yuzasidan ochiq va amaliy muloqotlar o‘tkazildi.
Muloqotlar davomida Akademiyada amalga oshirilayotgan transformatsion islohotlar, yangi magistratura dasturlari, rahbar kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash mexanizmlari, shuningdek, davlat siyosati va boshqaruvi sohasida malakali mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha yaratilayotgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Tadbir yakunida bugungi kunda hududlarda rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritayotgan Akademiya bitiruvchilari so‘zga chiqib, ta’lim jarayonida egallagan bilim, ko‘nikma va kompetensiyalarning kasbiy faoliyatdagi ahamiyati yuzasidan fikr bildirdilar. Ular Akademiyaning zamonaviy boshqaruv tafakkuriga ega professional kadrlarni tayyorlashdagi muhim o‘rnini alohida ta’kidladilar.
Mazkur loyiha doirasidagi uchrashuvlar respublikaning boshqa hududlarida ham bosqichma-bosqich davom ettiriladi.
Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi tomonidan yo‘lga qo‘yilgan ushbu tashabbus ta’lim, ilmiy tadqiqot va amaliyot integratsiyasini mustahkamlash, hududlarda kadrlar salohiyatini rivojlantirish hamda Yangi O‘zbekiston uchun zamonaviy rahbarlar korpusini shakllantirishga xizmat qiladi.