Tadbir Fudan universitetining Xalqaro munosabatlar va davlat boshqaruvi maktabi (SIRPA) tomonidan tashkil etildi. Forum doirasida Akademiya xalqaro hamkor tashkilotlar bilan birgalikda hamkorlik memorandumlarini imzolash marosimida ishtirok etdi. Ushbu kelishuvlar davlat boshqaruvi sohasidagi akademik hamkorlikni yanada kengaytirish, qo‘shma tadqiqotlarni amalga oshirish va tajriba almashish imkoniyatlarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, Akademiya vakillari «Raqamli innovatsiyalar va boshqaruv samaradorligi» mavzusidagi yuqori darajadagi panel muhokamalarida qatnashib, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan raqamli transformatsiya jarayonlari, davlat sektorini modernizatsiya qilish hamda davlat boshqaruvi sohasida kadrlar salohiyatini oshirish borasidagi tajribalarni taqdim etdilar. Mazkur forum Global South Think Tanks Alliance (GSTTA) — Global Janub tahliliy markazlari alyansi xalqaro platformasi doirasida tashkil etildi. Ushbu platforma tahliliy markazlar va oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida bilim va tajriba almashish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish borasida hamkorligini mustahkamlashga xizmat qiladi.