O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida Vengriya mamlakati vakillari bilan hamkorlik uchrashuvi o‘tkazildi

03.12.2025
31
Xalqaro hamkorlik

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-78-son Farmonida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida ta’lim yo‘nalishida xalqaro aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida Vengriya mamlakati vakillari bilan hamkorlik uchrashuvi o‘tkazildi. Akademiya rektori tomonidan tashkilotda olib borilayotgan jarayonlar, ta’lim oluvchilar va tadqiqotchilar, professor-o‘qituvchilar uchun yaratilgan imkoniyatlar tanishtirildi.   

Shundan so‘ng, tomonlar davlat xizmatchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash borasida qo‘shma tashabbuslar yuzasidan muzokaralar olib bordi.

Xususan:

- O‘zbekistonlik davlat xizmatchilari uchun Vengriya vazirlik va hududiy rivojlanish tuzilmalarida amaliy stajirovka dasturlarini yo‘lga qo‘yish;

- davlat siyosati, raqamli davlat xizmatlari, HR-menejment va Yevropa boshqaruv amaliyoti bo‘yicha ilg‘or tajribani transfer qilish;

- Vengriyaning Davlat xizmati “Ludovika” universiteti professor-o‘qituvchilarini ta’lim jarayonlariga jalb qilish orqali qo‘shma akademik platformalarni shakllantirish masalalari ustuvor yo‘nalish sifatida belgilandi.

Ushbu hamkorlik O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasida inson kapitaliga qaratilgan aloqalarni yangi bosqichiga olib chiqarishi bilan birga, davlat boshqaruvi sohasida kadrlarni tayyorlash, ularning bilim va boshqaruv tajribasiga asoslangan “knowledge diplomacy” konsepsiyasini amaliy jihatdan ro‘yobga chiqarishi bilan ahamiyatlidir.